Yoxud o‘zga tillarni boyitgan o‘zbek so‘zlari
Bugungi kunda tilimizda faol bo‘lgan “suzma”, “qaymoq”, “qatiq”, “qimiz”, “qurut”, “qatlama”, “qazi”, “yogurt” kabi so‘zlar “Devon-u lug‘atit turk”da, tilimizning keyingi bosqichi bo‘lgan eski o‘zbek tilida, ayniqsa, Alisher Navoiy asarlarida deyarli o‘zgarmasdan uchraydi. Bular allaqachon rus tili lug‘at tarkibini boyitgan. Faqat yogurt sal boshqacharoq bo‘lgan.
“Yogurt” – Navoiyda jug‘rot shaklida uchraydi. Bu so‘z lug‘atda “qatiq” deb izohlangan. Buning misoli “Saddi Iskandariy”dan:
Ani uyga kelturdi tortib inon,
Ravon mohazar chekti jug‘rot-u non.
Mazmuni: uni uyga keltirib, oldiga tayyor turgan jug‘rot va nonni qo‘ydi. Jug‘rot hozir boshqa turkiy tillarda, xususan, tatar tilida ishlatiladigan “yug‘urt” so‘zining Navoiy davridagi shakli. Bu so‘zning “yog‘rut” fonetik shakli “Qutadg‘u bilig”da ishlatilgan: qimiz, sut ya yun yag‘ ya yog‘rut qurut (qimiz, sut yoki jun, yog‘ yoki qatiq, qurut). Yogurt turkiy tillardan rus tiliga o‘zlashib, hozir shu shaklda faol qo‘llanmoqda. Hatto ingliz tiliga ham o‘tib ulgurgan.
O‘z so‘zlarimizni bilmasligimiz tufayli shunchalikka yetdikki, ba’zan bunday so‘zlarni boshqa tildan o‘tgan deb o‘ylay boshladik. Bir necha yil ilgari televizorda Navoiy viloyatining hayvonot olami haqida ko‘rsatuv bo‘lib qoldi. Bu o‘lkaning turli yovvoyi hayvonlari haqidagi hujjatli film asli ruscha tayyorlangan bo‘lib, o‘zbekchaga tarjima qilingan va suxandon shu matnni o‘zbekcha aytib bermoqda edi. Uning ovozi ostida dastlab yozilgan ruscha ovoz ham eshitilib turardi. Yirtqichlarga mansub cho‘l hayvoni – qoraquloqlar haqida so‘zlar ekan, rusiyzabon boshlovchi uni o‘z nomi bilan, faqat ruscha talaffuzda atay boshladi: “karakulaki”. Ruschada “q” tovushi bo‘lmaganidan shunday so‘zladi. Bizning tarjimonlarimiz qoraquloq aslida nima ekanini bilmaganidan uning ruscha ifodasini saqlab qolgani aniq. O‘zbek suxandoni ham uni ruschaga ergashib aynan ayta boshladi: “Karakulaklar shuncha yil umr ko‘radi, karakulaklar falon-falon narsalar bilan oziqlanadi, karakulaklar mana bunday ov qiladi” va hokazo. Alisher Navoiy bobomizning so‘zlari yodga keladi:
Sen o‘zungni tonimas ermishsen,
O‘z so‘zungni tonimas ermishsen.
Muhammad Yusuf Chingiyning XIX asrda yaratilgan “Kelurnoma” lug‘atida “qoraqulag‘ – “степная рыс”, ya’ni cho‘l silovsini deb keltirilgan. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida bu hayvonga batafsil izoh berilgan: Qoraquloq, karakal – mushuklar urug‘iga mansub sut emizuvchi hayvon. Bu o‘rinda ham kamchilik mavjud: qoraquloqning ikkinchi nomi sifatida qomusiy lug‘atda qayd etilgan karakal aslida qoraxoldir. Bu turkiy-o‘zbekcha so‘zimiz nafaqat ruschaga, balki boshqa yevropa tillariga ham o‘zlashgan. Masalan, nemislar bu hayvonni karakal deyishdi.
“Стакан” – rus tiliga turkiy tillardan o‘zlashib, bunday shamoyilga kirgan bu so‘z eski o‘zbek tilida: tustag‘on – qimiz va may ichadigan yog‘och idish; qozoq tilida: tostagan, tustagan – chog‘roq yog‘och kosa; qirg‘iz tilida: tostukan – kamyob chog‘roq yog‘och kosa kabi shakl va ma’nolarga ega bo‘lgan. Vladimir Dal uni dostakan – qadimgi idish turi deb ko‘rsatgan. E. N. Shipova o‘zining “Rus tilidagi turkizmlar lug‘ati”da Dal, Yudaxin, Radlov singari tilshunoslarga asoslanib, bularni qayd etgan. Ushbu kitobga besh mingga yaqin turkiy so‘zlar kiritilgan.
Hazrat Navoiy turkiy xalqning bir qavmi bo‘lgan sodda, qo‘li ochiq, bag‘rikeng o‘zbekni suyib tasvir etgan o‘rinlar anchagina. Bulardan birida qozoq qardoshi kabi cho‘l farzandi sanalgan o‘zbekning qimiz-u tustag‘onini madh etgan:
Halol ona sutidekdur gar o‘zbakim tutsa,
Tobuk qilib, yukunib tustag‘on ichida qimiz.
Rus tilidagi “балбес” –“bilmas”dan, “казна” –“xazina” yoki “g‘azna” dan, “деньги” –“tanga”dan, “курага” esa “quruq meva”dan olingan. Inju” tilimizga xitoychadan, “ziyon” esa arabchadan o‘zlashgan. Ular tilimiz orqali rus tiliga “жемчуг” va “изъян” bo‘lib o‘tgan. “Кавардак” –“qovurdoq”. Asli qovurmoq fe’lidan kelib chiqqan bu so‘z bizda taomni bildirsa, ruslarda “yomon ovqat”, “tartibsizlik”, “xaos” ma’nolariga ega. “Кочеват”, “кочевник” o‘zimizdagi “ko‘ch” so‘ziga borib taqaladi (ko‘chmoq fe’lidan). “Лошадь” – “alacha ot”, “alasha ot”, ya’ni past bo‘yli ot; “кабан” – “qobon”, ya’ni yovvoyi cho‘chqa; “мишень” –“nishon”, “богатыр” –“bahodir”, “хозяин” – “xo‘jayin”. Bu juftlikdagi ruscha so‘zlar qanday kelib chiqqanini sezgandirsiz.
“Хозяин взял деньги из казны и пошёл на базар”. Bu jumladagi oltita so‘zdan to‘rttasi turkiy o‘zlashma.
Xullas, g‘oyat boy va qadimiy bo‘lgan tilimiz (turkiy til) o‘z tarixi davomida rus, ukrain, ingliz, nemis, fransuz, venger kabi yevropa tillari lug‘ati tarkibini boyitgan. Mutaxassislarning fikricha, rus tilidan boshqa yevropa tillarida turkiy tillardan so‘z o‘zlashish darajasi yuzga yetar-yetmas miqdorda bo‘lsa, rus tilida bunday so‘zlar sanog‘i qariyb besh mingtani tashkil qiladi.
To‘lqin TOG‘AYEV,
filologiya fanlari nomzodi,
“Xalq so‘zi” gazetasi sahifasidan olindi
INSPECTION “UZKOMNAZORAT
Copyright © 2019 - 2022 Official website of the Inspection for Control in the Field of Information and Telecommunications under the Ministry of Digital Technologies of the Republic of Uzbekistan.
When using materials, a link to the website is required Creative Commons Attribution 4.0 Internationals
Attention! If you find an error in the text, select it and press Ctrl+Enter to notify the administration
Old site version